Amerikalik pop yulduzi Jennifer Lopezning 90 kishilik jamoasi kecha, 6-avgust kuni Toshkentga yetib keldi. Ular Istanbuldan charter reysi orqali “Boeing” samolyotida “Toshkent” xalqaro aeroportiga qo‘ngan.
Jamoa tarkibida musiqachilar, bek-vokalchilar, raqqosalar, kostyumerlar, vizajistlar, sahna ko‘rinishlari ustalari, xavfsizlik xodimlari va logistlar bor. Ular “Up All Night — Live In 2025” deb nomlangan jahon konsert turnesi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Turne bo‘yicha 21 ta davlatda chiqish rejalashtirilgan.
Jennifer Lopezning O‘zbekistondagi ilk konserti bugun, 7 avgust kuni, “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu konsert san’atkorning o‘zbek sahnasidagi ilk chiqishi bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Jennifer Lopez ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi bo‘lgan, sahnadagi chiqishlari, modadagi uslubi va millionlab muxlislari bilan dunyo miqyosida tan olingan pop-diva, ya’ni pop musiqa yo‘nalishida alohida o‘rin tutgan mashhur ayol san’atkordir.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, Toshkent shahri konsert turnesiga san’atkor tomonidan shaxsan tanlab kiritilgan. Shuningdek, Jennifer Lopez o‘zining gastro-raideriga bir nechta an’anaviy o‘zbek taomlarini kiritishni so‘ragan.