Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jahon

Air India samolyoti halokatining sabablari ochiqlandi

Gulhayo Naimova 12.07.20253 daqiqa o'qiladi
65

Hindistonda 260 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Air India samolyoti halokatidan oldin kabinada noaniqlik yuzaga kelgani qayd etildi.

Tergovchilarning 12-iyul kuni e’lon qilgan dastlabki hisobotida aytilishicha, samolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng dvigatellar yoqilg‘isiz qolgan. Sababi — yoqilg‘i uzatish tugmalari deyarli bir vaqtda “to‘xtash” (cutoff) holatiga o‘tgan.

London yo‘nalishida parvoz qilayotgan Boeing 787 Dreamliner samolyoti 12-iyun kuni Hindistonning Ahmadobod shahridan havoga ko‘tarilgach kuchini yo‘qotgan va qulagan. Bu hodisa so‘nggi o‘n yillikdagi eng ko‘p qurbonlar bilan bog‘liq aviatsiya halokati sifatida qayd etildi.

Hindistonning Aviatsiya halokatlarini tergov qilish byurosi (AAIB) hisobotida dvigatel yoqilg‘i tugmalarining joylashuvi bo‘yicha savollar paydo bo‘lgani bildirildi. Aeroport kuzatuv kameralarida samolyot havoga ko‘tarilgach darhol quvvat yo‘qligini ko‘rsatuvchi “ram air turbine” (zaxira turbina) ishga tushgani aks etgan.

Qora quti yozuvlariga ko‘ra, uchuvchilardan biri parvozning so‘nggi daqiqalarida boshqasidan: “Nega yoqilg‘ini o‘chirding?” deb so‘ragan. Ikkinchi uchuvchi esa: “Men qilganim yo‘q”, deb javob bergan. Hisobotda qaysi uchuvchi bu so‘zlarni aytgani yoki “Mayday” signali kim tomonidan yuborilgani ko‘rsatilmagan.

Samolyot boshqaruvchisi — 56 yoshli Sumiit Sabharval bo‘lib, 15 638 soat parvoz tajribasiga ega instruktor edi. Uning yordamchisi 32 yoshli Kliv Kunder bo‘lib, 3 403 soatlik tajribaga ega bo‘lgan.

Hisobotga ko‘ra, dvigatellarning yoqilg‘i tugmalari “run” (ishlash) holatidan “cutoff” (to‘xtash) holatiga o‘tgach, dvigatellar ishlashdan to‘xtagan. Biroq hisobotda bu tugmalar qanday qilib o‘zgarib qolgani sababi haqida aniq dalil keltirilmagan.

Mutaxassislar fikricha, bu tugmalarni tasodifan bosish juda qiyin. AQSh aviatsiya xavfsizligi eksperti Entoni Brikxaus: “Agar bu harakatni uchuvchi bajargan bo‘lsa, nima sababdan shunday qilgan?” deya savol qo‘ygan.

Yana bir ekspert Jon Nens tugmalar atigi bir soniya farq bilan o‘zgarganini ta’kidlab, bu kimdir ularni ataylab ketma-ket bosgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Unga ko‘ra, parvoz paytida bu tugmalarni o‘chirishga odatda ruxsat etilmaydi.

Bu tugmalar asosan samolyot aeroportga qo‘ngach yoki favqulodda holatlarda, masalan dvigatelda yong‘in chiqsa, ishlatiladi. Hisobotda aytilishicha esa bunday zarurat bo‘lmagan.

Qiziq tomoni — halokat joyida ikkala tugma yana “run” (ishlash) holatida topilgan. Bu dvigatellar qulashdan oldin qayta ishga tushirilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Tergovchilarning yozishicha, qora qutilar halokatdan so‘ng topilib, Hindistonda tahlil qilingan. Hisobotda aytilishicha, samolyot va dvigatellarga doir barcha amaldagi texnik talablarga amal qilingan.

Aeroportdagi kuzatuv kamerasi yozuvlarida samolyot havoga ko‘tarilib 650 fut (200 metr) balandlikka yetgani, so‘ngra balandlikni yo‘qotib, avval daraxtlarga, keyin esa yonilg‘i yoqish qurilmasining mo‘risiga va oxir-oqibat binoga urilganini ko‘rish mumkin.

Samolyotda 242 kishi bo‘lgan, ulardan faqat 1 tasi omon qolgan.

Halokat boʻyicha sabablarni oʻrganish davom etmoqda.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *