Istanbul xalqaro aeroportida 41 kundan beri qolayotgan Sudan fuqarosi na Turkiyaga kirish imkoniga ega, na ortga qayta olmoqda. Bu haqda Turkiyaning “Havasosyalmedya” aviatsiya axborot platformasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak Sudan–Istanbul–Damashq yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan, biroq Suriyaga bo‘lgan reyslar bekor qilingach, u aeroportda qolib ketgan. Turkiya migratsiya qonunlariga muvofiq mamlakatga kirishiga ruxsat berilmagan, ortga qaytish uchun esa uning chipta xarid qilishga mablag‘i yo‘q.
Turkiya Migratsiya boshqarmasi yo‘lovchini “inad” – ya’ni darhol ortga qaytarilishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritmagan. Shu sababli deportatsiya jarayoni ham boshlanmagan. Parvozni amalga oshirgan aviakompaniya esa yo‘lovchini ortga olishdan bosh tortgan.
Bu holat taniqli “Terminal” filmidagi syujetni eslatadi, ammo baxtli yakun hali kuzatilgani yo‘q.
Havasosyalmedya jurnalistlarining yozishicha, migratsiya xizmati faqat ommaviy e’tirozdan so‘ng erkak bilan bog‘langan. “Biz bu holatni yoritmagunimizcha hech qanday harakat amalga oshirilmagan. U 41 kun davomida yordamsiz holatda qolgan edi”, — deyiladi xabarda.
Hozircha Turkiya rasmiylari holat yuzasidan izoh bermadi. Voqea bo‘yicha yangiliklar kutilmoqda.