Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 899.09 +1.19 EUR 13 298.42 −37.94 RUB 141.53 +1.35

Rossiyada “Gosuslugi” akkauntlarini buzib, migrantlarni yashirin ro‘yxatga qo‘ygan o‘zbekistonlik hibsga olindi

IMG 20250623 174602 689

Rossiya tergovchilari O‘zbekiston fuqarosini rossiyaliklarning “Gosuslugi” davlat xizmatlari platformasiga noqonuniy kirib, xorijliklarni ularning roziligisiz ro‘yxatga qo‘yganlikda ayblamoqda. Rasmiylarga ko‘ra, u 10 dan ortiq migrantni yashirin tarzda ro‘yxatga qo‘yishga ulgurgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Azamatjon R. pul evaziga migrantlarga Rossiyada vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishda yordam bergan. U “Gosuslugi” akkauntlariga buzib kirib, u yerda yashamaydigan vatandoshlarini uylarga ro‘yxatga qo‘ygan. Uy egalarining o‘zlari bundan bexabar bo‘lgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Azamatjonni uzoq muddat kuzatgan. U dastlab Rossiyada emas edi, biroq yaqinda Boshqirdistonga qaytib kelgan. Tergovga ko‘ra, u Moskvaga aviachiptalar olib, u yerdan Belarusga qochishni rejalashtirgan, ammo Sterlitamak shahrida qo‘lga olingan va Ufa shahriga olib kelingan.

Unga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 322.3-moddasi — “Xorijiy fuqarolarni soxta ro‘yxatdan o‘tkazish” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ufa shahridagi Kirov tuman sudi uni uy qamog‘iga joylashtirdi. Tergovchilar esa bu qarorni apellyatsiya tartibida bekor qilishga urinmoqda va uni tergov izolyatoriga yuborishni talab qilmoqda.

Rasmiylar voqea yuzasidan tekshiruv davom etayotganini bildirdi.